OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) va O‘zbekiston 2024−2029-yillarga mo‘ljallangan sheriklik to‘g‘risidagi hadli bitimni imzoladi, uning doirasida mamlakatning barqaror rivojlanish dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollar ajratiladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, OPEK jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 30 ming bolaga mo‘ljallangan 200 ta maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etishni nazarda tutuvchi maktabgacha ta’lim sohasidagi hukumat loyihasi uchun 20 million dollar kredit ajratadi. Loyiha Islom taraqqiyot banki va xususiy homiylar tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi.

“Zamonaviy maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish kelajakdagi iqtisodiy o‘sish va inson taraqqiyotining kalitidir. Biz hukumatning sa’y-harakatlariga qo‘shilayotganimizdan va uning 2030-yilgacha o‘rtachadan yuqori daromadli mamlakatga aylanish haqidagi maqsadlarini qo‘llab-quvvatlayotganimizdan mamnunmiz”, — dedi jamg‘arma prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa.

Bugungi kunga qadar OPEK jamg‘armasi O‘zbekistonda davlat va xususiy sektordagi 30 ga yaqin loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 760 million dollar kredit ajratgan. Moliyalashtirishning uchdan bir qismi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilashga yo‘naltirilgan.

Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni jamg‘arma prezidenti Abdulhamid Al-Xalifani qabul qilgandi. Uchrashuvda tomonlar imzolangan kelishuv doirasida 500 million dollarlik loyihalarga “tezkor tayyorgarlik ko‘rish” va amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan.